Test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tdi
8월 1일, 우즈베키스탄 국내의 모든 고등교육기관에서 입학시험이 성공적으로 치뤄졌다.
Mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarida 1 avgust kuni talabalikka qabul bo‘yicha test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda erkin demokratik jamiyat qurish uchun keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir, yuksak ma’naviyatli, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan avlodni voyaga yetkazishning mukammal tizimi yaratildi. Bu borada hayotga izchil tatbiq etilayotgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi kabi hujjatlar navqiron avlodga bilim berish jarayonini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, ta’lim sifati va mazmunini yangi pog‘onaga olib chiqish, barcha sohalar uchun raqobatbardosh malakali mutaxassislar tayyorlash imkonini bermoqda.
Soha rivojiga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor natijasida bugungi kunda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida zamonaviy o‘quv maskanlari bunyod etilib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, puxta, zamon ruhiga hamohang o‘quv adabiyotlari, dasturlar tayyorlash, pedagoglar mehnatini e’zozlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa yoshlarning chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega, sog‘lom tafakkurli, yuksak ma’naviyatli shaxs, ijodiy-intellektual salohiyatli mutaxassis bo‘lib shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Sohadagi islohotlar samarasi oliy ta’lim maskanlariga qabul uchun o‘tkaziluvchi test sinovlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yurtimizda istiqlol yillarida joriy etilgan ushbu jarayon oliy ta’lim dargohlariga bilimli yoshlarni tanlab olishning eng xolis va adolatli usuli ekanini davrning o‘zi isbotladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga 337 mingdan ko‘proq abituriyent hujjat topshirgan. Boshqacha aytganda, oliy ta’lim dargohlarida bir bakalavrlik o‘rniga o‘rtacha 6 yigit-qiz to‘g‘ri keladi, demakdir. Bu mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida bilim olish va o‘z salohiyatini yanada oshirish borasidagi intilish naqadar yuksakligidan yana bir dalolatdir.
Toshkent Davlat agrar universitetida test sinovlari tartibli, barcha qoidalarga qat’iy rioya etilgan tarzda o‘tkazildi. Bu yerda abituriyentlar, ularning ota-onalari uchun yetarli sharoit yaratildi.
Yurtimizda agrar sohani tubdan isloh etish, qishloq infratuzilmasini yanada rivojlantirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, qishloq joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham sanoat korxonalari barpo etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini takomillashtirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda. “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi doirasida bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga mazkur universitetda ham jiddiy yondoshilmoqda. Bilim dargohida veterinariya, o‘simliklar himoyasi va karantini, qishloq xo‘jaligi buxgalteriyasi va iqtisodi singari mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Joriy o‘quv yilida qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish, fermer xo‘jaligi va uni boshqarish kabi yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Universitet qabul qomissiyasining mas’ul kotibi Fayoz Jasimovning aytishicha, bu yil bakalavriat yo‘nalishiga abituriyentlardan 5286 ariza tushgan. Ularning 1450 nafari talaba bo‘ladi.
Yurtimizda sog‘lom oilani shakllantirish, millat genofondini yanada sog‘lomlashtirish, qizlar, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, homilador ayollar va chaqaloqlarda uchrashi ehtimoli bo‘lgan xastaliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda shifokorlarning bilimi va malakasi, kasb mahorati alohida ahamiyat kasb etadi. Toshkent Pediatriya tibbiyot institutida pediatriya ishi, kasbiy ta’lim – tibbiy pedagogika, oliy hamshiralik ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu yil mazkur oliy ta’lim dargohiga bir ming sakkiz yuz nafardan ortiq yigit-qizdan ariza olindi. Rejaga ko‘ra, ularning to‘rt yuz o‘n nafari talabalikka qabul qilinadi.
Mazkur oliy ta’lim dargohida test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu mas’uliyatli jarayonga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani, binolar va auditoriyalar talablar darajasida jihozlanib, malakali mutaxassislar bilan ta’minlanganining guvohi bo‘ldik.
Jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunimizni zamonaviy kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur etish mushkul. Ayni paytda ushbu sohaga yigit-qizlarning qiziqishi tobora ortib borayotgani yaxshi ma’lum. Davlatimiz rahbarining 2002 yil 30 mayda qabul qilingan “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni axborotlashtirishning milliy tizimini shakllantirish, iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalarini ommaviy ravishda joriy etish hamda ulardan foydalanish, fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish imkonini bermoqda.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan. Bugungi kunda Qarshi, Nukus, Samarqand, Farg‘ona, Urganch kabi shaharlarda universitetning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Shuhrat Jabborovning ma’lum qilishicha, ushbu oliy ta’lim dargohiga o‘tgan yildagidan ancha ko‘p – 6368 nafar yigit-qiz hujjat topshirgan. Ularning 1295 nafari talabalikka qabul qilinadi. Informatika va axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya, mobil aloqa, axborot xavfsizligi kabi yo‘nalishlarga yoshlarning qiziqishi, ayniqsa, katta. Joriy yilda esa kino-tele operatorlik, maxsus yoritish texnologiyalari, audio-video texnologiyalar, kompyuter grafikasi, ovoz yozish texnologiyalari kabi yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Shu bilan birga ayni yo‘nalishlar uchun maxsus sirtqi bo‘lim ham joriy etildi.
– Ushbu universitetning telekommunikatsiya yo‘nalishiga hujjat topshirdim, – deydi surxondaryolik Husniddin Xolmurodov. – Bu yerda yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha keng va puxta bilim olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgani yurtimizda ta’lim sohasi ravnaqi yo‘lida ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasidir.
작성일 : 2009. 08. 03
Comentários