top of page
검색
  • 작성자 사진ICAS HUFS

우즈베키스탄 타슈켄트에 "Uzmedexpo-2009" 박람회 열려



“Uzmedexpo-2009” ko‘rgazmasi davom etmoqda

O‘zA, B.Xidirova, 07.10.2009 17:51

* 우즈베키스탄의 수도 타슈켄트에 위치한 우즈엑스포센터(O'zekspomarkaz)에서 "Uzmedexpo-2009"라는 이름의 국제 의료기술 박람회가 열리고 있다. 이 박람회는 우즈베키스탄 건강관리부와 "Dori-darmon"주식회사, IEG Uzbekistan 등의 관련 단체들이 계획한 것이다.

“O‘zekspomarkaz”da “Uzmedexpo-2009” ikkinchi ixtisoslashgan xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi davom etmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, IEG Uzbekistan ko‘rgazma kompaniyasi singari tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Mamlakatimizda tibbiyot tizimida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar sog‘liqni saqlashning zamonaviy tashkiliy tuzilmasini shakllantirish, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, tibbiy diagnostika xizmatini tubdan takomillashtirishda o‘z samaralarini berayotir.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 19 sentabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning izchil ijrosi natijasida viloyatlarda zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan tibbiy diagnostika markazlari tashkil etilmoqda. Birlamchi shifo maskanlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor yangi diagnostika va davolash xizmati bilan aholining barcha qatlamlarini qamrab olish imkoniyatini yaratmoqda.

“Uzmedexpo” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi sog‘liqni saqlash tizimiga yangi tibbiy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yaqindan ko‘mak berish, shifokorlar va mutaxassislarni jahon tibbiyoti va mamlakatimiz ilm-fani erishayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Italiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Italiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Shveysariya kabi mamlakatlardan qirqdan ziyod kompaniya va firma o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ushbu xorijiy kompaniyalarning aksariyati ikkinchi bor ushbu tadbirda qatnashayotgani ko‘rgazmaning nufuzi oshib borayotganidan dalolatdir.

Hindistonning “Biomedikeyr” farmatsevtika kompaniyasi ulardan biridir.

- O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli dunyodagi taraqqiy etgan farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik tobora kengayayotir, – deydi “Biomedikeyr”ning tibbiyot menejeri Guzel Badamshina. – Bizning kompaniyamiz ham O‘zbekiston bozorida olti yildan buyon faol ish olib bormoqda. Mamlakatingiz tibbiyot maskanlarida oshqozon, ichak, asab, bo‘g‘im, nafas yo‘llari kasalliklarini davolashda ishlatiladigan yigirma turdan ko‘proq dori-darmonlarimizdan samarali foydalanilmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan bunday tibbiyot ko‘rgazmalari shifokorlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash sohasida qo‘lga kiritilayotgan yangiliklarni keng targ‘ib etish va o‘zaro tajriba almashishda yaxshi samara bermoqda.

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy tibbiy texnologiyalarga qiziqish tobora kuchayayotir. Diagnostika va davolash jarayonida qo‘llanilayotgan tibbiy vositalar kasalliklarni tez aniqlash va bartaraf etishda yuksak samara bermoqda. Ko‘rgazma stendlarida ana shu yo‘nalishda ishlatiladigan ultratovush tashxis va rentgen apparatlari, laboratoriya jihozlariga keng o‘rin ajratilgan.

Shunisi ahamiyatliki, mamlakatimiz tibbiy texnika ishlab chiqaruvchilari ham bunday yuksak texnologiyalarni ishlab chiqarish va shifo maskanlariga yetkazib berishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Namangandagi “Tibbiyot va kosmetologiya” ilmiy-ishlab chiqarish markazi ana shunday muassasalardan biri.

Korxonada diagnostika, jarrohlik, kosmetologiya kabi sohalarda qo‘llaniladigan tibbiy vositalar ishlab chiqarilib, mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalariga yetkazib berilmoqda.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan videomikroskop, ultratovush tahlil apparati, jarrohlik amaliyotini bajarish jarayonida ishlatiladigan kreslo, tibbiy asbob-uskunalarni ultratovush tahlil vositasi yordamida zararsizlantiradigan apparat, kosmetologiya kabinetlarida foydalanishga mo‘ljallangan texnologiyalar taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan shunday mahsulotlardan aslo qolishmasligi, narxi nisbatan arzonligi, mahalliy sharoitda foydalanishga moslashtirilganligi bilan ajralib turadi.

Ko‘rgazma doirasida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni sertifikatlash, amaliyotiga sifat menejmenti tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda bozorlarimizni sifatli dori-darmon bilan to‘ldirish, tibbiyotning ilg‘or yutuqlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashish tizimini takomillashtirishga oid masalalar haqida gap bordi.



작성일 : 2009. 10. 07

조회수 0회

최근 게시물

Comments


bottom of page