* 우즈베키스탄의 수도 타슈켄트에 위치한 우즈엑스포센터(O'zekspomarkaz)에서 이슬람 카리모프 대통령의 주도로 계획된 농민들을 위한 건축 프로젝트 및 건축자재 박람회가 열리고 있다.
Poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan qishloq aholisi uchun yakka tartibdagi uy-joylarning loyihalari va qurilish materiallarining ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi davom etmoqda.
Ko‘rgazmaning to‘rtinchi kuni Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan vakillar, poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ko‘rgazma ekspozitsiyalari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi aholi punktlari asosiy diqqat e’tiborda bo‘ldi.
Sirdaryo viloyatining Boyovut, Sirdaryo va Sardoba tumanlarida namunaviy loyihalar asosida ana shunday posyolkalar qurilishi rejalashtirilgan. Boyovut tumanidagi Dehqonobod qishloq fuqarolar yig‘ini hududida 3, 4, 5 xonali 103 ta uy, mahalla guzari, bozorcha, stadion, savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi. Shuningdek, suv to‘plash inshooti qurish, 12 kilometrlik ichimlik suvi, 10,2 kilometrlik elektr, 9,2 kilometrlik tabiiy gaz tarmog‘ini tortish, 8,1 kilometrlik oqova tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
– Loyihada xonadonlarda chorva mollar, parranda parvarishlash uchun qulay sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgani ayni muddao, – deydi Boyovut tumanidagi Dehqonobod qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Jo‘raboy Qo‘ldoshev. – Sababi hududimizdagi aholining ko‘pchiligi chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumki, Sirdaryo viloyatining ayrim hududlarida yer osti suvlari yer yuzasiga yaqin, tuproq sho‘rlanishga moyil. Shu bois bu yerda zax va sho‘rga chidamli, yerning namini oladigan daraxtlarni ko‘proq ekish rejalashtirilgan. Ko‘rgazmaning sirdaryolik ishtirokchilari me’morlarga posyolkani qattiq shamollardan himoya qilish uchun daraxtlardan qalin ihotazor tashkil etish yuzasidan taklif berishdi.
Avval xabar berganimizdek, ko‘rgazma doirasida viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari, arxitektura, qurilish, transport, kommunal xizmat sohalari mutasaddilari, «Qishloq qurilish bank»ning joylardagi filiallari rahbarlari, tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tumanlar bosh me’morlari attestatsiyadan o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda ularning «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturi, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari, ko‘rgazmaning maqsadi, ahamiyati yuzasidan bilimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Navoiy va Namangan viloyatlaridan kelgan 14 rahbar xodim mazkur attestatsiyadan o‘ta olmadi.
Shu kuni Samarqand va Sirdaryo viloyatidan kelgan vakillar tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida uy-joy qurish uchun imtiyozli shartlarda kredit ajratish tartibi, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer massivlarini tanlash, «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ishtirokida uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi, yangi qurilish materiallarini qo‘llash bilan bog‘liq mavzular qamrab olingan seminarda ishtirok etdi.
작성일 : 2009. 09. 10
Comments