O‘zA, Iroda Umarova, 14.10.2009 18:47
* 10월 14일 우즈베키스탄의 수도 타슈켄트에서 세계 목화재배 산업의 중요한 행사인 '제 5회 국제 우즈베키스탄 면화 박람회 '가 개최되었다. 이러한 전통 박람회는 우즈베키스탄의 외무부와 "O'zpaxtasanoat", 면 섬유 센터 "Sifat" 등이 공동으로 기획하였다. 한편 개막식에서 이슬람 카리모프 대통령은 우즈베키스탄 경제의 중요 성장 축 중 하나인 목화재배산업이 국가에 커다란 이익을 가져다 주고 있음을 다시한번 강조하였다.
Toshkentda 14 oktabr kuni jahon paxtachilik sanoatidagi muhim voqea – V Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi ish boshladi.
An’anaviy yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “Sifat” paxta tolasini sertifikatlash markazi hamkorligida tashkil etildi.
Yarmarkaning ochilishida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan paxtachilikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Paxtadan yuqori sifatli tola olishning yangi texnologiyalarini rivojlantirishga, paxta xomashyosining savdosiga bozor iqtisodiyoti tamoyillari va mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor berilmoqda. Paxta tolasi eksportining ochiq mexanizmlari takomillashtirildi. Bu esa jahon bozorida O‘zbekiston paxta tolasining nufuzi va raqobatbardoshligi keskin oshishiga sabab bo‘ldi.
So‘nggi yillarda milliy sertifikatlashtirish tizimi tub o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Paxta tolasi sifatini belgilashning jahon amaliyotida keng qo‘llanilayotgan HVI ko‘rsatkichlari tizimiga o‘tildi. “Sifat” markazi paxta sifati va har bir toy tolaning vaznini nazorat qilish imkoniga ega ko‘p tarmoqli laboratoriyalar bilan jihozlandi.
Jahonda davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramay, yurtimizda qaror topgan mustahkam siyosiy va iqtisodiy barqarorlik bois boshqa sohalar qatori paxtachilik ham jadal rivojlanayotir. Bugungi kunda o‘zbek paxtasi Xitoy, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Koreya, Singapur, Vyetnam, Turkiya singari ko‘plab davlatlarga eksport qilinmoqda. To‘qimachilik sanoati yuksak darajada rivojlanayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari korxonalarining o‘zbek paxta tolasiga ehtiyoji tobora ortmoqda. O‘zbekiston paxta tolasi jahon bozorida o‘zining yuksak sifati, oqligi va pishiqligi, texnologik ko‘rsatkichlarining yuqoriligi va jahon to‘qimachilik sanoati talablariga to‘liq javob bera olishi bilan mashhur.
Yuksak sifati jahonda e’tirof etilayotgan o‘zbek paxta tolasiga talab xalqaro bozorda muttasil ortib borayotir. Yarmarka qatnashchilari sonining yil sayin ko‘payib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Xususan, 2008 yildagi yarmarkaga o‘ttizdan ortiq mamlakatdan uch yuzdan ziyod kompaniya va paxta biznesi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan 400 nafardan ziyod vakil tashrif buyurgan bo‘lsa, bu gal 34 mamlakatdan 515 ish odami ishtirok etmoqda.
Yarmarka davomida ishtirokchilar mamlakatimizda paxta sanoatini rivojlantirish strategiyasi bilan batafsil tanishish, o‘zbek tolasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘ladi. Yarmarka qatnashchilari o‘zbek paxtasining yuqori sifatini ta’minlovchi omillar bilan tanishish barobarida paxta tozalash zavodlari, terminallar va fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, O‘zbekistonda paxta yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish borasidagi o‘z ma’lumotlarini boyitadi. Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu anjuman nafaqat O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan turli davlatlardagi yirik to‘qimachilik kompaniyalari va yetakchi treyderlar o‘rtasida, balki paxta yetishtirish, qayta ishlash, sotish, tashish bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab mamlakatlar, firma va kompaniyalarning hamkorligini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yillari paxta hosilining yarmarkaga qo‘yilgan qismlari to‘la sotildi. Xususan, 2008 yilgi yarmarkada 950 ming tonnadan ortiq paxta tolasini sotib olish bo‘yicha shartnoma va bitimlar tuzilgan. Bu o‘zbek paxtasiga jahon bozorida talab kattaligi va uning taklif etilayotgan hajmi har doim to‘la xarid qilinayotganini tasdiqlaydi.
Mamlakatimizning paxta eksporti bilan shug‘ullanadigan tashqi savdo kompaniyalari zamonaviy va samarali sotish usullarini qo‘llagan holda, o‘z marketing strategiyasini mustaqil shakllantirish huquqiga ega. Yarmarkada qatnashayotgan chet el treyderlik firmalari va to‘qimachilik kompaniyalariga o‘zlari tanlagan tolani sotib olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish bilan bir qatorda, uni tashish to‘g‘risida kelishib olish imkoniyati berilishi O‘zbekiston eksport siyosatining muhim natijasidir. Iste’molchilarni bunday xizmatlar bilan ta’minlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda o‘ttizga yaqin paxta terminali, transport infratuzilmasi va keng tarmoqli yo‘nalishlardan iborat logistika tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbek tolasini yetkazib berish jug‘rofiyasi muntazam kengaymoqda, paxtamizni sotadigan bozorlar soni ko‘payib borayotgani hisobga olingan holda, yangi transport yo‘llari ishlab chiqilmoqda.
Yarmarkaning ochilishida so‘zga chiqqan xorijiy ekspertlar O‘zbekiston yuqori sifati bilan ajralib turadigan paxtani kafolatli ravishda yetkazib beruvchi mamlakat ekanini, yurtimizda bozor narxlari o‘zgarishiga qarab, uning moslashuvchan ko‘rsatkichlaridan foydalanilayotgani, bularning barchasi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida manfaatdorlikni oshirishini ta’kidladilar.
– Jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘zbek paxtasining yuksak sifati yurtingizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasining yorqin namoyonidir, – dedi “Cotton Outlook” xalqaro agentligi bosh muharriri Rey Batler. – “Cotton Outlook” jurnali dunyo mamlakatlarida ishlab chiqarilgan paxta tolasi monitoringini olib boradi. O‘tkazilgan ana shunday monitoring natijalariga binoan aytish mumkinki, o‘zbek paxtasining sifati va xaridorgirligi muttasil ortib bormoqda. V Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasida dunyo paxta bozorining barcha yirik ishtirokchilari qatnashayotgani buning yorqin dalilidir.
V Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi qatnashchilari “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma pavilyonlarida paxta tolasining rang-barang namunalari bilan tanishdilar. Bu yerda paxta sifatini baholash va tanlangan tovarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish imkoniyati yaratilgan. Ayni paytda yarmarka ishtirokchilari O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasi savdolarida qatnashib, paxta tolasini sotib olish imkoniyatiga ham ega.
Yarmarkaning birinchi ish kuni qizg‘in muzokaralarga boy bo‘ldi.
– Dunyoda paxtaga ehtiyoj yildan-yil oshmoqda, – deydi Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi ijrochi direktori Terri Taunsend. – Bu esa, o‘z navbatida, paxta yetishtirish hajmini yanada oshirishni talab etadi. 2005 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka jahon paxta sanoatida juda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham uning ishtirokchilari soni yil sayin ortib bormoqda. Paxta biznesi bilan shug‘ullanuvchi ish odamlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadigan ushbu nufuzli anjuman xaridor bilan sotuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi mamlakatimizning jahon paxta bozoridagi mavqei izchil yuksalib, hamkorlarimiz safi kengayib borayotgani, paxtamizning sifati va xaridorgirligi oshayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir. Mazkur anjuman yurtimiz iqtisodiyotini jadal taraqqiy ettirish barobarida uning nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.
작성일 : 2009. 10. 14
Comments